Maktab tarixi

1-MAKTAB MUSTAQILLIK YILLARIDA

 1991 yil 20 avgust. Mustaqillik e’lon qilinishiga o‘n kun qolganda meni shahar markazidagi birinchi maktabga direktor lavozimiga  o‘tkazishdi. Bunga qadar, men shahar xalk nazorati qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlagandim . Xalk nazorati qo‘mitasi o‘sha yil mart oyida butun ittifoq buyicha tugatilgan, men besh oydan beri ishsiz qolgandim. Maktabga meni hech kim olib kelib tanishtirgani yuq. Shahar xalk ta’limi bo‘limining buyrug‘ini olib maktabga kirib keldim. Vaqt tushdan og‘ib qolganligi uchun maktab o‘qituvchilarning ko‘pi ketib qolgan. Lekin maktab direktorining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Reynvold Lyudmila Aleksandrovna ish o‘rnida. U bilan salomlashgach, qo‘liga buyruqni tutqazdim. Buyruqni o‘qir ekan, Lyudmila Aleksandrovnaning yuzida samimiy ifodani ko‘rib ajablandim. U meni ko‘rib, xalk nazorati qo‘mitasining raisi nima sababdan maktabga keldi, o‘qituvchi yoki o‘quvchilar o‘rtasida biror-bir noqonuniy ish ro‘y berdimi degan hayolda oldiniga ancha sarosimaga tushgan edi. Shundan so‘ng, suhbatimiz maktabni shu kundagi holati, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari shu paytgacha direktor bo‘lib ishlagan Praslova Valentina Dimetrovnani o‘z arizasiga ko‘ra yozgan mehnat ta’tilidan so‘ng ishga chiqmaganligini bildirib, shu kunlarda o‘qituvchilar shahar fan sho‘ba yig‘ilishlarida ishtirok etayotganligini bildirdi. Suhbat davomida maktabning boshlang‘ich sinflar bo‘yicha zavuchi (o‘quv tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari) Golovina Lyudmila Yevgenevna ham nafaqa yoshiga yetganligi uchun shahar xalk ta’limi bo‘limi mudiri nomiga ariza yozganligi va ishdan ketmoqchi ekanligini, uning o‘rniga boshqa biror nomzod topish kerakligini aytganda, men unga bu masalani ertaga Lyudmila Yevgenevna bilan suhbatlashgach davom ettiramiz, deb maktab o‘quv binolarini aylanishni, maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Qurbon akani taklif etishni so‘radim. (Qurbon aka Rasulovni men shahardagi 2- maktabda o‘qib yurgan paytlarimdan beri bilar edim) Qurbon aka kelgach, u kishi bilan qadrdon aka- ukalardek salomlashdik. U kishi men maktabga rahbar bo‘lib kelganimdan rosa xursand edi. Shundan so‘ng uchalamiz maktabni barcha o‘quv binolaridagi fan kabinetlari va sinflarini, qo‘shimcha binolar hamda sport maydonchasining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligini ko‘rib chiqib, ertaga soat 17:00 da barcha maktab jamoasining yig‘ilishini o‘tkazish kerakligini bildirdim.

Lyudmila Aleksandrovna bilan ertaga o‘tadigan o‘qituvchilar kengashini o‘tkazish rejasini batafsil kelishib oldik. Yig‘ilishni u ochib meni jamoaga tanishtirib, so‘ng so‘zni menga beradigan bo‘ldi. Kun tartibiga asosan maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalasi edi. Ertasi kun kelishilgan vaqtda kengash o‘z ishini boshladi. Qisqa kirish so‘zi bilan Lyudmila Aleksandrovna menga so‘z berdi. O‘qituvchilar to‘liq kelgan, ularning nigohi menda edi . Men, qo‘limdagi tezis variantidagi qog‘ozni olib, avvalo o‘zimni oldingi ish faoliyatim haqida qisqacha aytib, so‘ng asosiy masalaga maktab o‘quv binolari, fan kabinetlari, sinflar, sport zali va maydonchasida olib borilgan ishlar haqida kechagi olgan taassurotlarim doirasida ularga ma’lumot berar ekanman, o‘quv yiliga o‘qituvchi va maktab ishchi xodimlari tomonidan anchagina ishlar qilinganini qayd etib ba’zi sinflarda koridorlarni bezashda xali ko‘p ishlar qilish kerakligi, bu ishlarni bir hafta ichida tugatish kerakligi, ayniqsa, sport maydonchasidagi voleybol, basketbol o‘yingohida yugurish va sakrash yo‘lakchasida chiziqlarni chizish, maktabning markaziy ko‘cha betidagi daraxtlarni oqlash, ularga ishlov berish sug‘orish kabi bir qator qilinishi zarur bo‘lgan ishlarni aytib o‘tdim.

Ayniksa, meni ranjitgan narsa shu bo‘ldiki, maktabning to‘rt tomoni ham ochiqligi, maxalla aholisi maktab ichidan o‘tib qaytar, o‘sha paytdagi «Pravda» kinoteatri yonida oshxona bo‘lib unda suzma pivo sotilar va uning xo‘randalari pivoni maktabning hozirgi sport zali yonida o‘sib turgan 3-4 ta akatsiya daraxtining soyasida yozgi salqinga kelib pivoxo‘rlik kilishar edi. Bu holning qanday bo‘lmasin oldini olish kerakligi, o‘z kuchimiz bilan o‘sha joyni devor bilan o‘rab olish va maktabni markaziy ko‘cha betiga temir chambarakli darvoza o‘rnatib, mahalla aholisini maktab ichidan qatnovini to‘xtatish chorasini ko‘rish kerakligini aytar ekanman, zaldagi o‘qituvchilarning ba’zilarida «Nakonetsto» degan umid uchqunlari paydo bo‘lgan bo‘lsa ba’zilarida ishonchsizlik ifodasi sezilib turar edi .

Yig‘ilish atigi bir soat davom etdi. Keksa o‘qituvchilardan Temirgaliyeva Galina Umarovna, Muratov Damir Zinatovichlar so‘z olib, avvalo meni maktabga rahbar bo‘lib kelganligim bilan tabriklab ishlarimga omad tilab jamoa nomidan meni to‘liq kuvvatlashlarini bildirishdi.

Rostini aytsam, maktab jamoasi menga juda-juda yokdi. Barcha o‘qituvchilar tajribali sog‘lom fikrlaydigan, o‘z kasbini jondan sevadigan insonlar edi. So‘zimning oxirida men ularga bildirilgan ishonchlari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirdim va nafaqaga chiqayotgan boshlang‘ich sinflar bo‘yicha zavuchi (o‘quv tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari) Golovina Lyudmila Yevgenevnani yig‘ilish markaziga chaqirib, uning uzoq va samarali pedagogik faoliyati haqida bisotimdan go‘zal va samimiy tilaklarimni aytib, kechga shahar xalk ta’limi bo‘limiga borib, shu o‘qituvchi uchun kerakli hujjatlarni topshirib «O‘zbekiston xalk ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishonini olib kelgan edim. O‘qituvchilarning gulduros qarsaklari ostida bu nishonni uning ko‘ksiga taqar ekanman, «Vot eto syurpriz», «Nikto ne ojidal etogo», «Takoy direktor nam i nujen bil» degan so‘zlar qulog‘imga chalinar, bu yoqimli va hayrli ishim jamoaga ma’qul bo‘layotganligidan o‘zim ham zavq olar edim. 1- maktabdagi birinchi ish kunim ana shunday ishchanlik ruhida, yuqori kayfiyatda o‘tdi. Ollohga shukronalar aytgan holda, qancha shu jamoada ishlashimdan qat’iy nazar bor kuchim va bilimimni shahar viloyat partiya organlarida orttirgan boy qat’iy tajribamni ilgari surib eng ma’suliyati o‘z o‘rnida eng sharafli kasbga bag‘ishlashga qaror qildim.

Yangi 1991-1992 o‘quv yili boshlandi. O‘quv yilini 80 dan ortiqroq o‘qituvchiga yaqin ishchi xodim va 1250 nafar o‘quvchilar bilan boshladik. Sinflar soni 37 ta, fan kabinetlari 6 ta.

Darslar tulik rus tilida olib borilar, mutaxassisligim rus tili fan o‘qituvchisi bo‘lganligi uchun bu menga hech qanday og‘irlik tug‘dirmas edi.

O‘qituvchilarning asosiy tarkibi asosan rus va tatar millatidan bo‘lib, faqatgina o‘zbek tili fanidan kiradigan 3-4 ta o‘qituvchi o‘zbek. Mening o‘rinbosarim Reynvold Lyudmila Alekesandrovana nemis millatidan, keyinchalik ishga olingan Matakans Serafima Mixaylovna-boshlang‘ich sinflar bo‘yicha arman millatidan, Bachkarova Irina Nikolayevna tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarim –rus millatidan, xo‘jalik ishlar bo‘yicha o‘rinbosarim Qurbon aka Rasulov –o‘zbek millatidan edi. O‘quvchilarning o‘rtasida 17 millat vakili bo‘lib, ularning ko‘pini rus tatar bolalari tashkil etar, lekin shaharning eski va mitti tumanlaridan-udiy, chechen, ingush, asetin, ladchin,azarbayjon, dog‘iston, ukrain, moldavan, belorus millatidagi bolalar o‘qitilar, ular orasida 2-3 tadan boltiq bo‘yi respublikasidan, tojik, turkman, qozoq, qirg‘iz, bolalari ham bor edi. Esimda, hatto bir qiz Afg‘onistondan kelgan qora mag‘iz, sochlari jingalak, bo‘lib umuman na rus na o‘zbek tilini bilar edi. Oradan ikki yillar o‘tar o‘tmas shu o‘quvchimiz ikki tilni puxta o‘rganib oldi, o‘zining pushtu tilidan tashqari ingliz tilini xam o‘zlashtirib bitiruvchi o‘quvchilar ichida eng ko‘p tilni biladigan o‘quvchiga aylandi. Agar 1992 yildan 2006 yilga qadar 1- maktabda amalga oshirilgan ishlarga batafsil to‘xtaladigan bo‘lsam, katta bir doston bo‘ladi. Yaxshisi, ularning eng asosiylari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam 1992-1992 o‘quv yilida maktab to‘liq o‘rab olindi. Markaziy kirish darvozasini o‘sha paytdagi KORM3 deb ataladigan (direktor Sharopov Murod) zavodda naqshinkor chambarakli darvoza yasatib o‘rnatdik, 1992-yildan e’tiboran mustaqillik sharofati bilan O‘zbekistondan ko‘pgina millat vakillari o‘z ona yurtlariga ko‘chib keta boshlashdi. Bu hol 3-4 yil davom etdi. Shu jumladan, ko‘p millatli bizning maktab o‘quvchilarining teng yarmidan ko‘prog‘i ota-onalari bilan ko‘chib ketishgach, 1994 yil boshiga kelib 620 o‘quvchi qolgan edi.

O‘quvchilar kontingentini 2 barobar kamayishi oqibatida o‘qituvchilarning dars soatlari ham ikki barobar kamaygan, o‘z o‘rnida ularning oylik maoshlari ham shunga yarasha edi. Bu hol ularning kayfiyati va ish unumiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Qandaydir keskin choralar ko‘rish va maktab o‘quvchilari sonini oshirish kerak edi. 1992-1993 o‘quv yilidan boshlab, shahardagi 3, 7, 13 maktab direktorlari bilan kelishib hozirgi Xo‘jaxiyol ko‘chasi hamda shahar ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli ikki qavatli uyda yashovchi, (3 maktab hududiga qarashli) “Buzrukobod” mahallasining Erkin ko‘chasi atrofi (13 maktab hududi) hamda shahar elektr tarmoqlari korxonasi atrofidagi ko‘chalar (7 maktab hududi)larida yashovchi maktab yoshidagi o‘quvchilar hisobidan 3 ta 1-sinf tashkil etildi va maktab o‘quvchilari shular hisobidan 100 taga oshdi. O‘sha yildan boshlab Toshkentda litsey va gimnaziya maktablari ochila boshladi. Buni eshitib 21-maktab direktori Samad aka Ahadov bilan birga o‘z hisobimizdan Toshkentga yo‘l oldik. Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasiga borib, litsey va gimnaziya ochilgan maktablarining manzilini oldik. Maqsad ular qanday, qaysi hujjatlar asosida litsey va gimnaziya ochganliklarini o‘rganib kelgusida biz ham o‘z maktablarimizda shunga o‘xshash litsey sinflarini ochish edi. Toshkentdan qaytib kelgach, Qarshi Davlat pedagogika instituti rektori O‘zbekiston FAning muxbir a’zosi Bekmurodov To‘lqin Fayziyevich bilan uchrashib, hamkorlikda maktabda litsey sinflarini ochish maqsadim borligini, bunda Qarshi DPIdan homiylikka olishlarini iltimos qildim. To‘lqin Fayziyevich meni bu taklifimni juda xursand bo‘lib kutib oldi. Negaki, To‘lqin akani o‘zlari 1952 yilda bizning maktabni tugatib o‘z maktabiga qay holda yordam berish istagida yurgan ekanlar. Domla bilan batafsil fikrlashgach maktabimizga ingliz, tarix, matematika, fizika fanlar yo‘nalishida chuqurlashtirib o‘qitiladigan litsey sinflari ochishga qaror qildik. O‘quv yili boshlanib ketgan. Hech bo‘lmasa ikkinchi chorak noyabr oyidan boshlab litsey sinflariga o‘quvchilar to‘plashimiz kerak edi. Tipografiyada birinchi maktab bazasida Qarshi DPI hamkorligida ko‘rsatilgan fanlar yo‘nalishida litsey sinflar ochilishi unga iqtidorli o‘quvchilar tanlab olinishi, ular haftaning 4 kunida maktabda barcha fanlarda o‘qishgach qolgan 2 kunida institut auditoriyalarida, institutning ko‘zga ko‘ringan professor va o‘qituvchilari tomonidan bilim berilishi haqidagi e’lonlar varag‘ini tayyorlab shahardagi barcha maktablarga tarqatib chiqdik. Oldiniga o‘quvchilarning kelishi juda sust bo‘ldi, negaki maktablarning rahbariyati va o‘qituvchilari bizning tashviqotlarimizga qarshi tashviqot o‘tkazib o‘zlaridagi a’lochi va e’tiqodli o‘quvchilarni ketib qolishini istamas edilar. Buni biz to‘g‘ri his qilardik shunday bo‘lsada oradan bir oy o‘tar o‘tmas ba’zi ota-onalar o‘z farzandlarini yetaklab maktabimizga kela boshlashdi. Boshqa maktablarning 5-sinfda o‘qib turgan o‘quvchilar hamda o‘zimizning maktab o‘quvchilari hisobidan 1992 yil noyabr oyiga qadar ingliz tili fani yo‘nalishi bo‘yicha 2 ta, tarix, matematika, fizika fan yo‘nalishlari bo‘yicha bittadan sinf ochishga erishdik. Bu sinflarga maktabimizning eng tajribali va yetuk o‘qituvchilarini biriktirdik.

1993 yil 21 noyabr sanasi mening hayotim, qolaversa birinchi maktab hayoti uchun eng tarixiy kun hisoblanadi. Shu kuni kechki payt televizordan Respublika axborot dasturini AQSH “Tinchlik korpus” vakillaridan 40 ko‘ngilli o‘qituvchilar O‘zbekistonga kelganligi, Respublika Halq ta’limi vaziri Yo‘ldoshev Jo‘ra G‘aniyevich bilan AQSH ning O‘zbekistondagi birinchi elchisi janob Genrey De Klark o‘zaro shartnomaga qo‘l qo‘yganliklari va yaqin orada ular Respublika maktablarida tarqalib o‘quvchilarga ingliz tilidan dars berishi aytib o‘tildi, hamda shartnoma imzolash jarayoni ko‘rsatib o‘tildi. Doimo yangilikka o‘ch bo‘lgan men uchun bu rosa kutilmaga hol edi. Uchinchi dekabr kuni to‘rtta amerikalik o‘qituvchini va “Tinchlik korpusi”ning O‘zbekistondagi rahbarini Mamlakat Qodirova bilan birga aeroportda kutib oldik. Ular to‘g‘ri bizning 1- maktabga keldilar. Rostini aytsam, amerikalik o‘qituvchilarni kelishini eshitgan barcha yuqori sinf o‘quvchilari garchand darslar tugab ketgan bo‘lsada, uylariga ketmasdan katta shodiyona bilan kutib olishar ekan, oldingi safda turgan ingliz yo‘nalishidagi litsey sinf o‘quvchilari ularga turli savollar berishar, savollariga mehmonlar ham ochiq chehrada javob berar ekan, har ikki tomon ham o‘zlariga zavq olar edilar. Maktab bilan tanishuv ikki soat davom etdi, shundan so‘ng ular bilan o‘zbekona bir piyola choy ustida suhbat qurdik. Suhbat chog‘ida maktab rahbariyati va ingliz tili fani o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Bu Qashqadaryo tarixida AQShdan kelgan birinchi amerikaliklar edi. Bu voqeadan so‘ng 1-maktabga o‘quvchilarning kelishi nihoyatda oshdi. Birinchi ish boshlagan paytimda maktabda atigi ikkita Xodjayev Rustam Astanovich va Faina Gregorevna ingliz tili o‘qituvchisi bor edi. Ularning dars soatlari ikki stavkadan ham oshib ketdi. Tezda boshqa o‘qituvchilarni topish zaruriyati paydo bo‘ldi. Dastavval maktabga G‘ulomova Nazira Bo‘riyevnani ishga taklif etdim. Nazira orqali Shodmonova Lola degan zo‘r matematika o‘qituvchisini ham maktabga olib keldik. Oradan 4-5 oylar o‘tmasdan 11-maktabdan Korjakova Zoya Habibovna degan zabardast ingliz tili fani o‘qituvchisini maktabimizga jalb etdik. Bu o‘qituvchi to‘rt tilda (rus, ingliz, o‘zbek va tatar) tillarida mukammal so‘zlashishdan tashqari hazil mutoyibani joyiga qo‘yar, doimo xushchaqchaq, yuqori kayfiyatda dars o‘tar edi. 25-maktabdan Usmon Abdullayev, 23-maktabdan Choriyeva Moxirani ham maktabimiz jamoasiga qo‘shib oldik. Esimda Moxira Choriyevani maktabimga taklif etar ekanman: “Tursun aka o‘zingiz o‘ylab qarang mana uyim yuz metr narida men ishlaydigan maktab, yonida bolalarim qatnaydigan bog‘cha buning ustiga 10 yildan beri ishlab kelmoqdaman. Maktab jamoasiga o‘rganib qolganman, deb rosa ko‘nmagan. Shunday bo‘lsada, bor mahoratimni ishga solib Mohira Choriyevani maktabimizga ishga olib kelganman. Hatto, o‘qituvchilarning an’anaviy avgust kengashida so‘z olgan 25- maktab direktori Turdi Haydarov viloyat hokimining o‘rinbosari Rayim Raxmonov va shahar xokimi Muzaffar Maxmudovga yuzlanib, 1- maktab direktori Tursun Axmedov shahardagi maktablardan eng yaxshi o‘qituvchilarni o‘z maktabiga ishga olmoqda. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb shikoyat qilib qolganda, Rayim Raxmonov unga qarab “Tursun Axmedov sizni bir o‘qituvchingizni olib ketgan bo‘lsa, kuchingiz yetsa, siz uning maktabidan o‘n o‘qituvchini olib keting” deb aytganlarida, zalda zo‘r kulgi ko‘tarilgani hamon yodimda.

Shundan so‘ng, Nukus shahrining qaysi bir maktabida “Til markazi” ochilibdi degan xabarni eshitib qoldim. Zaya Habibovnani o‘z hisobimizdan Nukus shahriga yuborib “ Til markazi” haqida to‘liq ma’lumot olib kelishga yubordim. Tez orada 1995 yil yanvar oyidan e’tiboran maktab qoshida respublikada ikkinchilardan bo‘lib “Til markazi” ochildi. Markazga yuridik maqomi berildi, shahar moliya bo‘limidan 11 ta shtat birligi berildi. Markaz o‘zining ustav va nizomiga hamda tamg‘asiga ega bo‘lib, faqat maktab ma’muriyati nazorati ostida ish olib bordi. Markazga chet tilini o‘rganish istagida bo‘lgan barcha o‘quvchi, korxona va tashkilot xodimlariga qo‘shimcha dars berar edi. Bir so‘z bilan aytganda, xozirgi repetitorlik asosida ish olib borayotgan “O‘quv markazlarini” dastlabki bir shakli edi.

Kunlar ketidan oylar o‘ta boshladi. Maktabimiz obro‘ va e’tibori orta boshladi. Maktabimizga keladigan o‘kuvchilar soni oy sayin oshib borardi.Bu o‘rtada 1994 yil 4 sentabrda meni Toshkentga AQShning elchixonasiga taklif etib kolishdi. Biz, Amerikalik o‘kituvchim Miss Kim Berli bilan yetib bordik. Elchi janoblari Genri De Klark o‘z nutqida Qarshi shahrining birinchi maktab jamoasi birinchilardan bo‘lib ”Tinchlik korpusi” bilan xamkorlikni yo‘lga quyganligi uchun 5000 AKSH dollari miqdorida maktabga o‘kuv qurollari, kompyuter, video qurilmasi, turli xil audio kassetalarni sovg‘a qildi.

Menda yana bir fikr tug‘ildi. Chet tilini o‘kitish o‘sha paytlar 5 sinfdan boshlab o‘qitilar edi. Bu hol chet tilini puxta o‘zlashtirish uchun hech kanday samara bermas, ham darslar haftasiga atigi 2 soatda edi. Tajribadan kelib chikib, hatto rus tili fani birinchi sinfdan haftasiga 6 soatdan bo‘lgan davrlarda xam mahalliy xalk bolalari matbuot, radio va televideniyadagi eshittirishlarning ko‘p qismi rus tilida olib borilib, rus tilida so‘zlovchi rusiy zabon xalk bilan muloqot yaxshi bo‘lgan zamonlarda xam rus tilini puxta o‘zlashtirish maqtov darajasida emas edi. O‘zbek tilida o‘qigan mahalliy yoshlarning ko‘pi bitiruv imtihonlarida xam mustaqil rus tilida biror-bir matnni erkin gapirib berolmas edilar. Shundan kelib chiqib, ingliz tilini ham kamida 1- sifdan boshlab o‘qitilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yana Toshkentga vazir Jo‘ra G‘aniyevichga yo‘l oldim. U kishi bilan uchrashib, fikr-mulohazalarimni aytdim. Vazir so‘zlarimni tinglab, vazirlik xam shu masalada ish olib boryapti. Keling, bu ishni sizning maktabingizdan boshlasak, ya’ni sinov shaklida kelgusi 1994-1995 o‘quv yilidan boshlab maktabingizga kamida 2-3 ta ingliz tili fani kiritilgan boshlangich sinflarini ochsak, deb qoldilar. Yana omadim chopdi. Natijada, respublikada birinchilardan bo‘lib 1994 yil sentabrdan boshlab, boshlang‘ich sinflari ochilib, unda haftasiga 3 soat ingliz tili fani kiritildi. Shu o‘rinda, yuqori sinflarda bu fan soatlari 5 soatdan belgilandi. Dars soat rejasi respublika Xalk ta’limi vazirligidan kelgan mutaxassislar bilan kelishilgan holda bo‘ldi. Bu paytga kelib, ingliz tili fan o‘qituvchilarimiz soni 9 ta edi. Ularni dars soatlari meyorida ancha ortiq bo‘lib yana qo‘shimcha o‘qituvchilarni talab qilish zaruriyati tug‘ildi. Shunda, yuqori sinf litsey sinflarining a’lochi o‘quvchilarini boshlang‘ich sinflarga ingliz tilidan o‘qituvchi sifatida sinab ko‘rsak qanday bo‘lar ekan, degan g‘oya tug‘ildi.Negaki, 1-2 sinflardagi ingliz tili darslari asosan o‘yin shaklida bo‘lib, unda 40-50 yoshdagi o‘qituvchiga nisbatan, 15-16 yoshdagi serg‘ayrat o‘quvchi yaxshi eplasa kerak degan fikrda, ya’ni “qush tilini qush biladi” maqolga amal qilgan holda maktabimizda sinov olib borayotgan vazirlik vakillariga bildirdik. Ular xam fikrimizga qo‘shilishdi-yu, lekin yuqorini roziligini olish kerakligini bildirishdi. Ancha sa’y-harakatlarlardan so‘ng, bu ishimiz xam ijobiy hal buldi. 1994-1995 o‘quv yilidan e’tiboran, unga tanlanib olinib kerakli yul yuriqlar, hamda metodik ko‘rsatmalar bilan jihozlangan 8 ta litsey sinf o‘quvchilari 1-2 sinf o‘quvchilariga dars bera boshladi. Ularni qonuniy o‘qituvchi sifatida xujjatlashtirib, ularga ish haki to‘lanadigan bo‘ldi va mehnat daftarchalari bilan ta’minlandi. Bir necha bor ular o‘tadigan darslarini kuzata turib, yosh o‘qituvchilarimning iqtidori va ma’suliyatiga qoyil qoldim.O‘zi o‘quvchi bo‘la turib o‘quvchilarga dars berishi xar qanday maqtovga loyiq edi, darslar kutilganidan ham qoniqarli o‘tilar, o‘zlashtirish nixoyatda yukori natija berardi.Aytadigan so‘zim, maktabda amalga oshirilgan ishlarim nihoyatda ko‘p. Barchasi yozish uchun ancha vaqt kerak.O‘rni kelganda bularni alohida bir kitob shaklida yozish niyatdaman. Hozircha ularni faqat sanab o‘taman:

-1994 yilda ilk qaldirg‘och AQSH ga o‘qishga ketgan Charkina Yuliya bo‘ldi. U bir yil davomida amerikaliklar oilasida yashab, ta’lim olib kelgach maktabni tugatib hozirgi kunda Rossiyada yashab kelmokda. Keyinchalik yana 11 o‘quvchimiz AQSH da o‘qib qaytishdi.

-1996 yil yanvar oyida meni shahar hokimining o‘rinbosari lavozimiga, keyinchalik, shahar xalq ta’limining bo‘lim mudirligiga o‘tkazishdi. Maktabda meni o‘rnimga direktor etib tayinlangan Erkin Niyozov juda yaxshi va samarali ishni davom ettirdi.-1996 yil 1-litsey maktabga viloyat attestatsiyasi va akkreditatsiya komissiyasining qarori bilan gimnaziya maqomi berildi.

-2005 yil sobiq o‘quvchimiz Tursunov Husanning “Amerika prezident-lari”, so‘ng Amerika qo‘shma shtatlari konstitutsiyasiga oid kitobi chop etildi.

-Maktabning ikki o‘qituvchisi AYREKS tanlovi g‘olib bo‘lib AQSH da bo‘lib qaytishdi. Bular Korjakova Zoya Habibovna xamda G‘ulomova Nazira Bo‘riyevna. Yana ikki o‘qituvchimiz Usmon Abdullayev va Moxira Choriyevnalar xam bu g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edilar. Ming afsuslar bo‘lsinki, kutilmagan o‘lim ularni bu imkoniyatdan mahrum etdi. Ularni Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. 2003 yilda AQSH lariga ijodiy safarda bo‘lish menga ham nasib etdi.Shu orada Korjakova Zoya Habibovnaga “O‘zbekiston Xalk o‘qituvchisi” degan yuksak unvon berildi. Keyinchalik uni “Tinchlik korpusiga” kordinatorlik ishiga olishdi. Sevimli o‘qituvchimiz Toshkent shahar maktabi direktorlik lavozimidan nafaqaga chiqib, bugunlikda poytaxda baxtli xayot kechirmokdalar.

-2005 yilda gimnaziya nomi Davlat ixtisoslashtirilgan maktabiga aylantirildi.

-2006 yilda maktabimiz to‘liq ta’mirlandi va boshqacha qiyofaga kiritildi. Bu paytda meni yana maktab direktorligiga tavsiya etishdi. Bu lavozimga 2001 yildan 2006 yil dekabrga qadar ishladim.

Bugunlikda 1- maktabda o‘tkazgan ish faoliyatimga yakun yasar ekanman, men bilan yelkama-yelka ishlagan, meni qo‘llab quvvatlagan va meni injiqliklarim-ga chidam bergan o‘rinbosarlarim Tamara Odilova, Ulug‘bek Abduraxmonov, Baxtigul Pardayeva, Matakyans Serafima Mixaylovnadan juda minnatdorman.

Hozirgi vaqtda maktabda Tursunova Zebiniso rahbarligida yangi jamoa ish olib bormoqda. Sizlarga omad, kuch g‘ayrat tilab maktabimiz mavqeini yanada mustahkamlashingizga ishonch bildirib, ustozingiz

Tursun AXMEDOV

2019 yil 17 may